Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 5-июль 2024, 12:06
 Bosh sahifa  Mobile versiya

“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketayotgan o‘quvchilar bilan uchrashdim


Bugun Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketayotgan o‘quvchilarbilan uchrashdim.
Rosti, beg‘ubor, orzulari osmon, ko‘zlarida kelajakka katta ishonch porlab turgan bu yoshlarni ko‘rib, zavqim oshdi. Ularning o‘z fikrlarini turli chet tillarida burro-burro bildirib muloqot qilishayotganidan xursand bo‘ldim.
Tanlovda yurtimizdagi 7000 ga yaqin maktabdan qariyb 35 ming nafar o‘quvchi qatnashdi. Ularning 32 ming nafardan ortig‘i ingliz tilidan, ming nafardan ortig‘i nemis tilidan, ming nafarga yaqini fransuz tili yo‘nalishlarida ushbu tanlovlarda ishtirok etdi. 
Bugun uchrashuvda qatnashgan 70 nafar o‘quvchilar mazkur tanlovning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Respublika bosqichiga chiqqan eng baxtli o‘g‘il-qizlarimiz, desam adashmagan bo‘laman.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, xorijiy tillarni egallash yoshlarimizga dunyo eshiklarini ochish barobarida, ularning jahon ilmu fanini o‘rganishlarida katta yordam beradi. 
Ham sayohat, ham ta’limga doir ushbu safar o‘quvchilarga katta motivatsiya beradi hamda yanada chuqur bilim egallashlariga zamin yaratadi. Ular O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, u yerda olgan taassurot va bilimlarini o‘z tengdoshlari bilan bo‘lishadi.
Fursatdan foydalanib, tanlovda g‘olib chiqqan o‘quvchilarning ustozlariga ham o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. O‘quvchilarga bilim berish bilan bir qatorda, ularni ushbu bellashuvlarga qiziqtira olish ham o‘qituvchilardan katta matonat va sabr talab etadi.
Sayohatingiz maroqli va taassurotlarga boy o‘tishiga ishonaman, aziz o‘quvchilar! Oq yo‘l sizlarga!