Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 1-июль 2024, 09:01
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Prezident sovrini uchun o'tkazilayotgan tanlovning final bosqichiga start berildi


Xabaringiz bor, 2021-2022-o‘quv yili davomida umumta'lim maktablari o‘rtasida uch bosqichli Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi o‘tkazilmoqda.
Xalq ta'limi vazirligi hamda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan 14-16 yosh oralig‘idagi o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovda 8 065 ta maktab jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Bugun asosiy pul mukofoti 500 million so‘mni tashkil etadigan tanlovning yakuniy final bosqichi bugun poytaxtimizda joylashgan Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining Assessment markazida bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu bosqichda respublikamizning 14 ta hududidan kelgan jamoa ishtirokchilari (jami 70 nafar o‘quvchi) g‘oliblik uchun kurashishmoqda.
Ishtirokchilar Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment English tashkilotining Linguaskill xalqaro imtihon tizimi — (tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking), o‘qish (reading) ko‘nikmalari xalqaro sertifikatsiya asosida sinovdan o‘tkaziladi va baholanadi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘olib jamoa 500 million so‘m, 2-o‘rinni egallagan maktab 400 million so‘m, 3-o‘rinni egallagan maktab 300 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. 
Bundan tashqari, tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari (70 nafar o‘quvchi) va ularning ustozlari (14 nafar) til ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Buyuk Britaniyaga ta'lim sayohatiga yuborish rejalashtirilgan.
Tanlov joriy yilning 5 avgustiga qadar davom etadi hamda g‘oliblar tadbirning so‘nggi kunida mutasaddi tashkilotlar tomonidan taqdirlanadi. 
Ma'lumot uchun: Bugun soat 16:00 da Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur tanlovni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilishi belgilangan. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirok etishadi.