Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 1-июль 2024, 09:01
 Bosh sahifa  Mobile versiya

1-sinfga qabul jarayonida yuzaga kelayotgan savollarga mutaxassislardan javoblar

Savol — Mening doimiy “propiskam” Chilonzor tumanida. Ammo 15 yildan beri Yashnobod tumanida yashayman. Birinchi sinfga chiqadigan qizimni Yashnoboddagi maktabga bersam bo‘ladimi?
Javob — Hozirda farzandini 1-sinfga berayotgan ota-onalarning aksariyatini shu kabi savollar qiziqtirmoqda. Bu holatda ota-onalar 31 iyulgacha mikrohudud ichida hujjat topshirish va 1-avgustdan 15-avgustgacha mikrohududdan tashqarida bo‘lgan hududga ariza topshirish imkoniyatiga ega. Ariza topshirgandan keyin bo‘sh o‘rin bo‘lishiga qarab, farzandini o‘zlariga yaqin hududdagi maktabga berishlari mumkin.

Savol — Platformada ayrim ota-onalarning yashash manzili pasport bo‘yicha emas, boshqa mahalladan chiqyapti. Ikkala holatda ham ariza topshirsak qaytyapti. Bu bo‘yicha qanday maslahat berasiz?
Javob — Platforma boshqa tashkilotlarning axborot ma'lumot bazalari bilan integratsiya qilingan. Misol uchun, Adliya vazirligida metrka, pasport ma'lumotlari, propiska bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi bazasiga ulangan, ya'ni integratsiya qilingan. Elektron tarzda pasport ma'lumotlariga qarab propiska ma'lumotlarini tegishli axborot tizimlaridan avtomat tarzda tizim chiqarib beradi. 
Masalan, raqamlashtirishda ma'lumotlarni shakllantirishda ba'zi bir xatoliklar yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shunga o‘xshash muammo bo‘lsa,   71 203-07-04 raqamiga murojaat qilinsa, texniklarimiz buni alohida manzilli o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatishadi.
Propiskaning yozuv ma'lumotlarida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Agar texnik sabablar tufayli bo‘lsa, xodimlarimiz muammoni yechib, tizimda to‘g‘rilashga yordam berishadi.

Savol — Bola maktabga qabul qilinganidan so‘ng, xususiy maktabga olib ketish mumkinmi? Uni platformadan o‘chirish tartibi qanday bo‘ladi?
Javob — Ota-ona onlayn platformadan ro‘yxatdan o‘tgach, arizasi qabul qilingan bo‘lsa, bu arizani qaytarish jarayonida xodimlarimiz tomonidan ozgina rasmiyatchilik so‘raladi. Maktabga qabul qilingan arizani maktab platformadan o‘chirib yuborolmaydi. Bunaqa holatda texniklarimiz tegishli hujjatlarni olib, o‘sha maktabdan arizani o‘chirib berishadi. Ota-ona xohishlariga qarab xususiy maktabga farzandini olib borishi mumkin.


Savol — Bandixon tumanida yashovchi fuqaroning farzandini Termiz shahridagi maktabga bersa bo‘ladimi?
Javob — Albatta bo‘ladi. Faqat bir tomonini hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Qonunchilikda ham, amaliyotda ham voyaga yetmagan farzand ta'limi va tarbiyasi uchun ota-ona mas'ul. Bolani maktabga joylashdan tashqari uning ta'limi, sog‘lig‘i, nazorati kabi masalalar bo‘ladi. Shu sababli bu jarayonni har tomonlama o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Agar bola ota-onasi nazoratida bo‘ladigan bo‘lsa, uni maktabga joylashtirishda hech qanday to‘siq bo‘lmaydi.